Asosiy menyu

Yo'riqnoma

Talabalar uchun yo'riqnoma

1. O`zbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali direktorining buyrug`i bilan o`qishga qabul qilingan shaxs O`zbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali talabasi hisoblanadi. Talabaga talabalik guvohnomasi hamda reyting (yoki sinov) daftarchasi beriladi.

2. O`zbekiston Milliy universiteti Jizzax filialiga o`rta (to`liq) umumiy, hunar-texnik o`rta maxsus (texnikumlar, bilim yurtlari) hamda o`rta maxsus, professional (akademik litseylar va kasb -hunar kollejlari) ma`lumotga ega bo`lgan shaxslar arizalari bo`yicha, test sinovlari natijalariga ko`ra tanlov yo`li bilan “O`zbekiston Respublikasi oliy o`quv yurtlariga talabalarni qabul qilish tartib va qoidalari to`g’risidagi Nizom”ga muvofiq davlat grantlari hamda to`lov — kontrakt asosida qabul qilinadi. 

3. O`zbekiston Milliy universiteti Jizzax filialining talabalari quyidagi huquqlarga ega:

• fan, texnika va madaniyatning zamonaviy taraqqiyoti darajasiga mos keluvchi bilimlarni olish;

• universitetning muhim masalalarini muxokama etish va hal qilishda, shu jumladan, jamoatchilik tashkilotlari hamda oliy o`quv yurtining boshqaruv organi orqali qatnashish;

• o`zi tanlagan mutaxassislik bo`yicha rivojlangan mamlakatlarning nufuzli oliy o`quv yurtlarida o`qishni davom ettirishi uchun xalqaro va respublika jamg`armasidagi tanlovlarda ishtirok etish;

• filialning kutubxonasi, axborot jamg`armasi, o`quv, ilmiy, tibbiy va boshqa bo`g`inlarining xizmatidan bepul foydalanish;

• ilmiy — tadqiqot ishlarining barcha turlarida, konferentsiyalar, simpoziumlarda ishtirok etish, o`z ishlarini nashrga taqdim etish;

• tanlangan yo`nalish (mutaxassislik) bo`yicha o`tiladigan fanlardan tashqari filialda o`qitiladigan boshqa har qanday fanlarni ham shartnoma asosida o`zlashtirish;

• filial ma`muriyatining buyruq va farmoyishlari ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilish;

• qonunchilikda belgilangan tartibda harbiy ixtisoslik bo`yicha ta`lim olish;

• O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid kelmaydigan va filialga berilgan boshqa huquqlardan foydalanish.

4. Kunduzgi o`quv shaklida ta`lim olayotgan talabalar O`zbekiston Respublikasi hukumati, vazirlik tomonidan belgilangan tartib va miqdorda stipendiya bilan ta`minlanadilar; talabalar tegishli Nizomlar asosida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidagi, atoqli shaxslar nomidagi Davlat stipendiyalari, shuningdek, o`qishga yo`llagan yuridik va jismoniy shaxslar tayinlangan stipendiyalarni olish huquqiga egadirlar.

Tibbiy ko`rsatmalar va boshqa istisno hollarda tomonidan belgilangan tartibda akademik ta`til beriladi.

Birinchi kurs talabalariga akademik ta`til istisno hollarda, qat`iy yakka (individual) tartibda beriladi.

O`zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq kunduzgi o`quv shakli talabalariga filialda o`qiyotgan vaqti davomida harbiy xizmatga chaqirish muddatini kechiktirish imkoni beriladi.

Turar joyga muhtoj talabalar filialning talabalar turar joyidan sanitariya me`yorlari va qoidalariga javob beradigan joy bilan ta`minlanadilar. Talabalar turar joyida talabalarga kommunal maishiy xizmatlar uchun to`lov miqdori qonunchilikka muvofiq belgilanadi. Turar joyga muxtoj talabalar mavjud bo`lgan holda, filial talabalar turar joyining maydonidan boshqa maqsadlarda foydalanish (ijaraga berish, boshqa kelishuvlar)ga ruxsat etilmaydi.

Kunduzgi o`quv shaklida ta`lim olayotgan talabalarga o`qishdan bo`sh vaqtlarda mehnat shartnomasi bo`yicha filialning o`zida, shuningdek, boshqa joylarda ishlashga ruxsat etiladi. Bu ish mehnat qonunchiligiga muvofiq o`rindoshlik hisoblanmaydi.

O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq O`zbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali tomonidan talabalarga boshqa huquqlar belgilanishi mumkin.

5. Agar talaba o`z arizasiga ko`ra yoki uzrli sabablar bilan talabalik safidan chiqarilgan bo`lsa, u 5 yil muddat ichida o`qishdan chetlashtirilgunga qadar qanday asosda (bepul yoki to`lov — shartnoma) o`qigan bo`lsa, o`sha asosda o`qishga qayta tiklanish huquqiga ega. Uzrsiz sabablarga ko`ra talabalar safidan chetlashtirilgan shaxslarni filialga o`qishga qayta tiklash va o`qitish faqat to`lov kontrakt asosida amalga oshiriladi. To`lov — shartnoma shartlarini bajarmaganligi sababli talabalar safidan chiqarilgan talabalar ko`chirish va tiklash komissiyasining qaroriga asosan filial direktorining buyrug`i bilan o`qishga qayta tiklanishi mumkin. Talabalarni o`qishga qayta tiklash tartibini ta’lim boshqaruvi bo`yicha vakolatli davlat organi belgilaydi.

O`zbekiston Milliy universiteti Jizzax filialining talabalari boshqa oliy o`quv yurtlariga o`qishlarini ko`chirish (o`qishga qayta tiklanish) huquqiga ega. Akkreditatsiya qilinmagan oliy o`quv yurtlaridan talabalarni O`zbekiston Milliy universiteti Jizzax filialiga o`qishini ko`chirish (o`qishga tiklash) mumkin emas.
Talabalar o`qishini akkreditatsiya qilingan bir oliy o`quv yurtidan boshqasiga ko`chirish (o`qishga tiklash) tartibi va shartlarini O`zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.

6. O`zbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali oliy ta`limning ta`lim dasturlari va o`quv rejasida nazarda tutilgan bilimlarni egallashlari, topshiriqlarning barcha turlarini belgilangan muddatda bajarishlari zarur hamda O`zbekiston Milliy universiteti Jizzax filialining Nizomiga, ichki tartib — qoidalariga talabalar turar joyi qoidalariga rioya etishlari shart.

O`zbekiston Respublikasi hukumati qarorlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari, talabalarni o`qish vaqti hisobidan o`quv jarayoni bilan bog`liq bo`lmagan ishlarga jalb etish man etiladi.

7. Ushbu Nizomda filialning talabalariga quyidagi intizomiy jazolar ko`llanilishi mumkin: xayfsan, muayyan muddatga stipendiyadan mahrum etish, filial talabalari safidan chiqarish.

Talabalar bilim egallashi, ko`rsatilgan muddatlarda o`quv rejalari va ta`lim standartlari ko`zda tutgan topshiriqlarning hamma turlarini bajarishlari, filial Nizomiga, filial ichki — tartibi va jamoa hayoti qoidalariga rioya qilishlari shart.

Uzrli sabablar bo`yicha o`quv dasturi talablarini bajara olmagan talabalarga yangi o`quv yili boshlanguncha qadar akademik qarzlarni uzish imkoniyati beriladi. Ko`rsatilgan muddatlar ichida davlat ta`lim standartlariga binoan belgilangan kasbiy ta`lim dasturlari hajmini o`zlashtirmagan talaba filial talabalari safidan chiqariladi.

Intizomiy jazolar talabalarning kasallik yoki ta`tilda bo`lgan vaqti hisobga olinmagan holda xatti-harakat aniqlangandan so`ng, bir oydan va xatti-xarakat sodir etilgandan so`ng olti oydan kechiktirilmay qo`llaniladi.
Talabalarni kasallik paytida, ta`tilda, akademik ta`til yoki homiladorlik va tug`ish holati bilan bog`liq bo`lgan ta`til paytlarda talabalar safidan chiqarish mumkin emas.

8. O`zbekiston Milliy universiteti Jizzax filialida ta`limning maxsus sirtqi o`quv shakllarida muvafaqiyatli o`qiyotgan talabalarga ularning ish joyidan O`zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 218, 257 — moddalarida nazarda tutilgan imtiyozlar (maosh saqlangan yoki saqlanmagan holda qo`shimcha ta`til, oliy o`quv yurti joylashgan manzilga borish va kelish uchun yo`l haqi va boshqalar) beriladi.

 

Top