MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI JIZZAX FILIALI

Yangiliklar

JADIDLAR



Taqdir erkalatgan qizlar, yigitlar

Sohilda sayr qilib, atirgul hidlar.

Xayolchan boqadi gʼoziy  shahidlar...

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

 

Shaxsiy namuna yoʼq, chunki Ibrat yoʼq,

Olimlar juda koʼp, bitta Fitrat yoʼq,

Shu sabab majol bor, kuch bor, qudrat yoʼq, 

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

 

Ular gʼisht qoʼygan, biz toshlar otamiz,

Ular soʼz yigʼganlar, biz gap sotamiz,

Ular kun kutgan, biz oylik kutamiz,

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

 

Tavallo, Qodiriy, Choʼlponlar qayda?

Hamzaxonlar qayda, Usmonlar qayda?

Ogʼiz juda katta, yuraklar mayda,

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

 

Oʼshalar bizlarning bobolarmikan?

Bizdan oʼzlarini topolarmikan?

Bizni nabiram deb tan olarmikan?

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

 

Ular maktab qurgan, biz uy quramiz,

Ular gʼoya surgan, biz oʼy suramiz.

Yoppa tomoshabin boʼlib turamiz,

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

 

Qopogʼon  davr edi, qattol, qatagʼon,

Otilib chiqqanni shartta otagʼon...

Bugun yuki yengil tuya yotagʼon...

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

 

Oʼziga kelmaydi oʼzdan ketganlar,

Ixlos qoʼyib shayton dumin tutganlar...

Qani yurt deb oʼzini unutganlar?

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

 

Sheʼr avjida birdan qalam sekinlar,

Buyuk ustozlarim nima derkinlar?

Soʼnggi jadid edi Аbdulla, Erkinlar...

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

 

Ufqqa urilib, qaytib kelgan oʼq

Mening yuragimni teshib oʼtgan choʼgʼ.

Muallimlar serob, Аvloniylar yoʼq.

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

 

Taʼlim-tarbiyani najot  bilganlar,

Ilmiga oʼzlari amal qilganlar.

Qarang, amal deb oʼz jonin  yulganlar,

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

 

Maishat, toʼy, hasham bosh maqsad hamon,

Gapdan boshqa gap ham bor,  ey qadrdon!

Hamma zamonda ham kelmaydi zamon,

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

 

Zanglagan zehnimni charxlab beradigan,

Umrim savdosini narxlab beradigan,

Shu sheʼrni oʼgʼlimga sharhlab beradigan

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

 

Iqbol Mirzo