Asosiy menyu

31 14.11.2020

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axboroti

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axboroti

Hurmatli ota-onalar, talabalar!

Oliy ta’lim tizimi oldiga yuqori malakali kadrlarni tayyorlashdek mas’uliyatli vazifa qo‘yilayotgan bugungi kunda talaba-yoshlarda amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Pandemiya tufayli ko‘plab rejalarimizni o‘zgartirishga, ta’lim muassasalarida an’anaviy ta’limni masofaviy (onlayn) ta’lim shakliga o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. Ammo ta’limning an’anaviy va ilg‘or texnologiyalariga o‘tishga bo‘lgan tayyorgarlik ishlari bir lahza ham to‘xtamadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan talabalar va ularning ota-onalari orasida o‘quv jarayonini an’anaviy shaklda boshlash bo‘yicha jamoatchilik fikri o‘rganildi.

Talabalar va ularning ota-onalari bildirgan takliflarni inobatga olgan holda har bir oliy ta’lim muassasasining, ta’lim yo‘nalishining xususiyatidan kelib chiqib, hozirgi vaqtda o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich 2020 yil 16 noyabr – dushanba kunidan an’anaviy ta’lim shaklida davom ettirishga qaror qilindi.

Ta’limning an’anaviy shaklda tashkil etilishi, albatta, oliy ta’lim muassasasi jamoasiga qo‘shimcha mas’uliyat va vazifalar yuklaydi. Shu bois ham, avvalambor talabalarning sog‘lig‘ini asrash, ularning sifatli ta’lim olishi uchun yetarli shart-sharoit yaratish maqsadida:

- har bir oliy ta’lim muassasasida hududiy Sog‘liqni saqlash birlashmalari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vakillari jalb qilingan holda tezkor Shtab tashkil etiladi;

- auditoriya va xonalar o‘quv jarayoniga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hududiy bo‘linmalari bilan birgalikda tayyorlanadi;

- kurslar kesimida o‘quv jarayonini tashkil etish sxemasi ishlab chiqilib, tabaqalashtirilgan vaqt soatlari asosida dars jadvallari tuziladi;

- talabalar turar joylari faoliyati sanitariya-gigiyena va dezinfeksiya talablariga qat’iy javob beradigan normalarda tashkil etilib, jihozlangan holatda talabalarning yashashlariga bosqichma-bosqich ruxsat beriladi;

- oliy ta’lim muassasalari va talabalar turar joylarida Tibbiyot punktlari tashkil etiladi;
- talabalar salomatligi nazoratini ta’minlash maqsadida har bir oliy ta’lim muassasasiga tibbiyot muassasalari biriktiriladi.

Bugungi pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga va o‘qishga ko‘nikishimiz, eng asosiysi – farzandlarimiz sifatli ta’lim olishni davom ettirishlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratishimiz lozim.

Farzandlarimizning sifatli ta’lim olishi va yetuk kadrlar bo‘lib yetishishi uchun barchamiz birday mas’uldirmiz. 

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi
 

Top