O'zbekiston Milliy universitetining tashkil topishi va rivojlanish bosqichlari
-
Turkiston Musulmon xalq universiteti
1918 - 1919O'zbekiston Milliy universitetining tamal toshi 1918 yil 9 aprelda quyilgan. Shu kuni Turkiston musulmon xalk dorulfununining tashkiliy hay'ati tuzulib, bir oy davomida 9 marotaba yig'ilish o'tkazilgan va 1918 yil 3 mayda Munavvarqori Abdurashidxonov rais (rektor) etib saylangan. Turkiston Musulmon xalq dorulfununi rasman ochilgan 1918 yil 12 may yangi zamonaviy ta'lim tizimiga asos solingan tarixiy sana bo'lib qoldi. Universitetning tabiiy-matematika, qishloq xo'jaligi, texnika, ijtimoiy iqtisod, adabiyot va falsafa fakultetlariga qisqa muddatda 299 o'qituvchi jalb etilgan. Ular orasida o'nlab taniqli shoir va adiblar, jadid maktablari uchun yozilgan darsliklarning mualliflari, shuningdek, 20 ga yaqin turli fan sohalarining yetakchi vakillari bor edi. Jumladan, Fitrat ona tilidan, Abdulla Avloniy adabiyot, Munavvarqori axloq, Kamol Shamsi matematika, Burhon Habib siyosiy tarix fanlaridan dars bergan.
1918 yil 31 maydan universitet nashri bo'lgan «Xalk dorulfununi» gazetasi chop etila boshladi. Shu yilning o'zida universitet tarkibida Turkiston xalq kutubxonasi, Turkiston xalq muzeyi, konservatoriya, Sharq instituti shakllandi.
Turkiston musulmon xalk dorulfununi Turkiston hukumatining 1919 yil dekabrdagi qarori bilan Turkiston Davlat universiteti (TDU) maqomiga ega bo'ldi va yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo'ydi. -
Turkiston Davlat universiteti
1919 - 19231920 yildan Turkiston Davlat universitetida oltita (tibbiyot, fizika-matematika, ijtimoiy-iqtisod, texnika tarix-filologiya va ishchi) fakultet faoliyat yurita boshladi. Universitet talabalari soni 2671 nafarga yetdi, ular orasida 24 millat vakillari bor edi.
1920 yilning 19 fevral kuni o'nlab yetakchi professor-uqituvchilar, ularning oilalari, o'quv jarayoni uchun zarur bo'lgan asbob-uskunalar ortilgan eshelon Moskvadan Toshkentga yo'l olgan.
1921 yilda universitet tarixida birinchi bor tibbiyot sohasi bo'yicha 12 nafar mutaxassis tayyorlandi.
1923 yildan yana to'rt - qishloq xo'jaligi, melioratsiya muhandisligi, mahalliy xo'jalik va huquq fakultetlari faoliyati yo'lga qo'yildi. Shu yili universitetni 79 kishi: 25 vrach, 14 agronom, 8 muhandis va 32 huquqshunos bitirib chiqdi. Ularning ko'pchiligi keyinchalik fan olamida yirik olim va mutaxassis sifatida tanildi. Pedagogika fakulteti tashkil etilishi munosabati bilan Respublika Maorif Xalq komissarligi qoshidagi Timiryazev nomidagi xalqmaorifi instituti universitet tarkibiga kiritildi.
1923 yil 17 iyulda Turkiston Davlat universitetiga O'rta Osiyo Davlat universiteti maqomi berildi.
1923 yilning noyabridan "O'rta Osiyo Davlat dorulfununi axbori» («Бюллетень Средне-Азиатского государственного университета») chop etila boshladi. Turli mavzudagi ilmiy tadqiqotlar chop etiladigan ushbu nashr, tez orada dunyo olimlarining nazariga tushdi. 1925 yilda «O'rta Osiyo davlat dorulfununi axbori" chet ellardagi 278 ta, 1929 yilda esa 438ta oliy maktab va ilmiy markazlarga jo'natilgani buning isbotidir. -
O'rta Osiyo Davlat universiteti
1923 - 1960Universitetda tahsil oluvchilarning ilmiy salohiyatini yanada oshirish, ilm-fan olamida bo'layotgan yangilikdan ularni xabardor qilish maqsadida universitet kutubxonasi yildan yilga yangi o'quv darsliklari bilan boyitib borildi. 1924 yili universitet kutubxonasi fondidagi kitoblar soni 75000 nusxaga yetdi. Ularning aksariyati nodir qo'lyozma asarlardan iborat edi. 1940 yilga kelib, kutubxona 376 ming kitob fondiga ega bo'ldi.
1928 yilda fizika fakultetining ilmiy xodimi B.P.Grabovskiy tomonidan dunyoda birinchi bo'lib televizion uzatish moslamasi ("telefot ") yaratildi. 1971 yilda bu kashfiyot YuNESKO tomonidan tasdiqlanib, O'zbekiston televideniya vatani sifatida e'tirof etildi.
1939-1940 yillar davomida universitetda xalq xo'jaligining matematika, mexanika, tuproqshunoslik, geografiya, fizika, geofizika, botanika, zoologiya, antropologiya, tarix, organik va kolloid kimyo, analitik kimyo, vinochilik, yog'lar texnologiyasi kabi sohalar bo'yicha mutaxassislar tayyorlandi.
Ikkinchi jahon urushi mamlakatimiz uchun alohida sinov yillari bo'ldi. Urushning dastlabki kunlaridanoq universitet olimlari va talabalaridan bir qanchasi ko'ngillilar qatorida jangga otlandi. Universitetdagi o'quv-uslubiy va ilmiy faoliyat urush yillarining talablari bo'yicha qayta tashkil etildi. Birinchi navbatda, mamlakat mudofaasi uchun muhim bo'lgan sohalarga e'tibor qaratildi. Besh yillik o'quv tizimi harbiy holatni hisobga olgan holda uch yillik qilib belgilandi, dastur va darsliklar shu asosda qayta ishlab chiqildi. 1943 yilning noyabrida O'zbekiston Fanlar akademiyasining tashkil etilishi munosabati bilan universitet olimlaridan T.A.Sarimsoqov, V.I.Romanovskiy, A.S.Uklonskiy va boshqa professorlar O'zRFA haqiqiy a'zosi, professorlar E.P.Korovin va I.P.Sukervaniklar asa muxbir a'zo etib saylandilar.
-
Toshkent Davlat universiteti
1960 - 20001960 yili O'rta Osiyo Davlat universiteti nomi Toshkent Davlat universiteti deb o'zgartirildi.
XX asrning 60-yillarida eng nufuzli oliy o'quv yurtlaridan biriga aylangan Toshkent Davlat universiteti O'zbekiston yoki O'rta Osiyo uchungina emas, balki barcha rivojlanayotgan Sharq mamlakatlari uchun ham kadrlar yetishtirib beruvchi fan va ta'lim markaziga aylandi.
1967 yilda talabalar shaharchasi tashkil etilib, universitetning Kimyo va Fizika fakultetlari, 1970 yildan esa 12 qavatli ma'muriy va 5 qavatli asosiy o'quv binolari ishga tushdi.
Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasining 20dan ortiq mamlakatlaridan kelgan mingdan ortiq talaba uchun tayyorlov fakulteti ish boshladi.
Universitetda ko'plab fan sohalari bo'yicha ilmiy yo'nalishlar rivojlandi. Mavjud ilmiy maktablar faoliyati yanada kengaydi.
1967 yildan ToshDU sobiq ittifoqdagi 25 yetakchi oliy o'quv yurtidan biriga aylandi.
1995 yil 14 sentyabrda ta'lim tizimi rivojiga qo'shgan beqiyos hissasi, kadrlar tayyorlashdagi ulkan yutuqlari, mamlakat jamoatchiligi hamda universitet olimlarining istaklari e'tiborga olinib, Toshkent Davlat universitetiga Sharqning buyuk olimi va mutafakkiri Mirzo Ulug'bek nomi berildi.
-
Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti
2000-yildanO'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 28 yanvardagi Farmoni bilan Toshkent Davlat universitetiga Milliy universitet maqomi berildi.
Milliylik maqomi universitet bitiruvchilari orasida yurtimiz nomini yuksaklarga ko'targan va hozirgi kunda ilm-fan ravnaqiga munosib hissa qo'shayotgan olimlarning borligi bilan mustahkamlanmoqda. Jumladan, universitetda tahsil olgan Oybek, Muxtor Avezov, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirzayev, O'tkir Hoshimov kabi xalq yozuvchilari o'z ijodi bilan badiiyat xazinasini boyitishga munosib hissa qo'shdi.
Universitetdan Ozod Sharafiddinov, Said Ahmad, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Suyima G'aniyeva, Turg'un Azlarov kabi O'zbekiston Qahramonlari yetishib chiqdi.
Universitet fizika-matematika fakultetining bitiruvchisi Yu.A.Izrael 1978-1990 yillarda sobiq ittifoq gidrometereologiya va tabiiy muhit nazorati bo'yicha Davlat qo'mitasi raisi
lavozimida faoliyat yuritgan. Iqlim o'zgarishlari haqidagi bilimlarni ommalashtirish va kuchaytirish hamda salbiy jarayonlar tarqalishini to'xtatish borasida olib borilgan ishlari uchun
2007 yilda Yu.A.Izrael Nobel mukofotiga sazovor bo'ldi.
Sportning shaxmat turi buyicha Milliy universitet talabasi R.Qosimjonov - jahon chempioni, S.Qayumov - Osiyo chempioni bo'lib yetishdilar.
O'zbekiston Fanlar Akademiyasida faoliyat yuritgan 13 ta Prezidentning 8 nafari universitet bitiruvchilaridir.
Universitetda yaratilgan 43 ilmiy maktab hozirgi kunda fanning turli sohalari rivojiga beqiyos hissa qo'shib kelmoqda. Ular dunyodagi matematika, fizika, kimyo, geologiya, biologiya, arxeologiya kabi tan olingan ilmiy maktablar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqmoqdalar.
Bugungi kunda O'zMU o'quv jarayoni va ilmiy-tadqiqot sohalarini rivojlantirish uchun zarur bo'lgan yuksak salohiyatli professor-o'qituvchilar, zamonaviy moddiy-texnik asos va jahon miqyosida e'tirof etilgan ilmiy maktablarga ega.
-
Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali
2019-yildanO'zbekiston Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyundagi "Oliy ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini oshirish va ularni mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohatlarida faol ishtirokini ta'minlash bo'yicha chora tadbirlar to'g'risida"gi PQ-3775-son qarori hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 5 iyuldagi "Mirzo Ulugbek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetining Jizzax filialini tashkil etish to'g'risida"gi 563-sonli Qarori asosida hududda ta'lim tarbiya jarayonini psixologik qo'llab quvvatlash, soha mutaxassislarining psixologik bilim va ko'nikmalarini rivojlantirish hamda yuqori malakali mutaxassislarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlash maqsadida tashkil etilgan.
Hozirda filialda 2 ta "Psixologiya" va "Amaliy matematika" fakultetlari negizida 8 ta "Psixologiya", "O'zbek tili va adabiyoti", "Xorijiy tillar", "Ijtimoiy fanlar", "Amaliy matematika", "Iqtisodiyot", "Kompyuter ilmlari va dasturlash", "Biotexnologiya" kafedralari faoliyat olib bormoqda.
Filialda bugungi kunda 12 ta ta'lim yo'nalishi bo'yicha bakalavrlar tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, Rossiya federatsiyasining Qozon federal universiteti bilan hamkorlikda 3+1 qo'shma ta'lim dasturi asosida "Psixologiya" yo'nalishi bo'yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda.