Me'yoriy hujjatlar
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI QARORI2023/2024 O‘QUV YILIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING OLIY TA’LIM MUASSASALARIGA O‘QISHGA QABUL QILISHNING DAVLAT BUYURTMASI PARAMETRLARI TO‘G‘RISIDA
Yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrab olinishini yanada kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyundagi “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-279-son qaroriga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyundagi “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-279-son qaroriga asosan:
a) 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab:
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyanomasi mavjud oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qo‘shimcha 2 000 ta davlat granti ajratilishi;
respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida (keyingi o‘rinlarda — nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari) kadrlar tayyorlash uchun 1 000 ta davlat granti ajratilishi;
davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga ajratilgan qabul parametrlari doirasida bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt miqdori Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi;
b) 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab:
davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari faqat davlat granti bo‘yicha tasdiqlanishi;
davlat oliy ta’lim muassasalariga (moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalari bundan mustasno) to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik (idora) tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. 2023/2024 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari:
bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga — 34 860 nafar etib, 1-ilovaga muvofiq;
magistrlar tayyorlash bo‘yicha — 8 923 nafar etib, 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat komissiyasi) bir hafta muddatda 2023/2024 o‘quv yili uchun:
sog‘liqni saqlash, ta’lim, veterinariya, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sohalarida oliy ma’lumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun manfaatdor vazirlik va idoralarning buyurtmalariga muvofiq umumiy davlat granti asosidagi qabul parametrlari doirasida maqsadli qabul parametrlarining tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimotini;
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, tizimida oliy ta’lim muassasasi bo‘lgan vazirlik va idoralarning takliflari asosida davlat buyurtmasi parametrlarining ta’lim tillari bo‘yicha taqsimotini tasdiqlasin va e’lon qilsin.
4. Tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar davlat oliy ta’lim muassasalariga (moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalari bundan mustasno) to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlarini 2023-yil 20-iyunga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlasin.
Moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalarining Kuzatuv kengashlari 2023-yil 20-iyunga qadar to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlarini tasdiqlasin hamda qabul jarayonlarini tashkil etish uchun Davlat komissiyasiga taqdim etsin.
Qabul parametrlarini Vasiylik kengashi qarori bilan tasdiqlash vakolati berilgan oliy ta’lim tashkilotlariga qabul parametrlarini 2023-yil 20-iyunga qadar tasdiqlash tavsiya etilsin.
5. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bir oy muddatda yangi kiritilayotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha:
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga belgilangan tartibda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritsin;
malaka talablari, o‘quv rejalari hamda fan dasturlarining ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlasin.
6. Xotin-qizlar va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga ajratilgan davlat grantining oliy ta’lim tashkilotlari va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimoti yuzasidan takliflarni:
tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar bo‘yicha — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 20-iyunga qadar;
nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari bo‘yicha — Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2023-yil 1-iyulga qadar tasdiqlash uchun Davlat komissiyasiga kiritsin.
7. Mazkur farmoyishning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri I.Y. Abdurahmonov belgilansin.
Farmoyish ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.K. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV