Konstitutsiya
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi
Konstitutsiya (lotincha: constitutio — “o'rnatish”, “belgilash”) — bu davlatning asosiy bosh qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, shuningdek, sud tizimini,advokatura,prokuratura sohalaridagi bilimlarni belgilab beradi. Konstitutsiya barcha joriy qonunlarning asosi hisoblanadi.
Konstitutsiya demokratik davlatchilik belgisidir. Bir-biridan farqlanuvchi yuridik va haqiqiy (faktik) konstitutsiya tushunchalari bor. Yuridik konstitutsiya ijtimoiy munosabatlar doirasini tartibga soluvchi huquqiy normalar tizimi. Haqiqiy konstitutsiya esa — shunday munosabatlarning oʻzi, yaʼni real mavjud munosabatlar. Konstitutsiya oʻzining 3 turdagi shakli mavjud , kodekslashtirilgan, kodekslashtirilmagan va aralash turlarga boʻlinadi. Kodekslashtirilgan konstitutsiya — konstitutsiyaviy xususiyatga ega barcha asosiy masalalarni tartibga soluvchi bir butun yozma hujjat hisoblanadi. Agar ayni oʻsha masalalar bir necha yozilgan hujjatlar bilan tartibga solinsa, u holda konstitutsiya kodekslashtirilmagan hisoblanadi. Aralash turdagi konstitutsiya parlament tomonidan qabul qilingan qonunlar va sud pretsedentlari bilan birga, odatlar va nazariy sharhlarni ham oʻz ichiga olgan holda yoritiladi yaʼni qisman yozilgan boʻladi. Oʻzgartirish kiritish usuli boʻyicha konstitutsiya yumshoq va qattiq turlarga boʻlinadi. Ularning birinchisi oddiy qonun qabul qilish yoʻli bilan oʻzgartirilishi mumkin. Ikkinchisi maxsus takomillashtirilgan tartibda (parlament aʼzolari ovozining malakali koʻpchiligi, baʼzan esa referendum oʻtkazish, tuzatishlarni muayyan miqdordagi federatsiya subʼyektlari tomonidan ratifikatsiyalash) oʻzgartirilishi mumkin. Amal qilish muddatlari boʻyicha konstitutsiyalar doimiy va muvaqqat turlarga boʻlinadi.
Davlat faoliyatining turli sohalarida konstitutsiyaga rioya qilinishini nazorat etish Oliy sud yoki Konstitutsiyaviy sud zimmasiga yuklanadi. “Konstitutsiya” atamasi Qadimgi Rimdayoq bor edi (imperator konstitutsiyasi deb atalgan qonun). Amir Temur “Tuzuklari” Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega boʻlgan. U shariat qonunlari bilan bir qatorda Oʻrta Osiyo xalqlari taqdiriga kuchli taʼsir oʻtkazgan. Yevropadagi tarixiy taraqqiyot hozirgi kunda amalda boʻlgan konstitutsiyalarning 2 guruhini vujudga keltirdi. 1-guruh — hozirgi zamon sharoitlaridan keskin farq qiluvchi sharoitlarda qabul qilingan eski konstitutsiyalar. Bu xildagi konstitutsiyalarga 1787-yilgi AQSH Konstitutsiyasi, 1831-yilgi Belgiya konstitutsiyasi, 1874-yilgi Shveysariya konstitutsiyasi misol boʻla oladi. 2-guruhga XX asrning 2-yarmida qabul qilingan “yangi avlod” konstitutsiyalari kiradi. Ular dastlabki konstitutsiyalardan huquq va erkinliklar institutining, konstitutsiyaning himoya qilish mexanizmlari va ijtimoiy muammolarga murojaat kilish mexanizmlarining kengayishi natijasida konstitutsiyaviy tartibga solish hajmining koʻpayishi bilan farq qiladi.
Xalqaro konstitutsiyaviy tajribalarni oʻrganish, xalqaro hujjat qoidalarini inobatga olish, milliy davlatchilik anʼanalardan kelib chiqish natijasida yaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan) jahon andozalariga mos boʻlib, xalqaro talablarga javob beradi.Hozirgi kunda O'zbekiston Respublikasida Yangu tahrirdagi konstitutsiya qabul qilingan bo'lib bu o'zgarish 2024-yilning 30-aprelidagi refrendumdan so'ng qabul qilindi.Konstitutsiyaning moddalariga katta o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi.Ya'ni 65% yangilandi.Yangi Advokatura bobi kiritildi.