MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI JIZZAX FILIALI

Direktor murojaati

O'zMUJF direktori Turakulov Olim Xolbutaevich

 

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali direktorining ota-onalar va yoshlarga

MUROJAATI

  Har bir oila va jamiyatning o‘z tartib-tizginlari bo‘ladi. Uni bilmaslik va unga rioya qilmaslik insonni mudhish illat va kulfatlarga sabab qilishi tayin. Taraqqiyotga to‘siq, sohalar rivojiga g‘ov bo‘ladigan illatlardan biri korrupsiyadir. Uning zararli oqibatlarini tushuntirish va unga nisbatan barchada keskin kurashish tuyg‘usini uyg‘otish muhim masaladir.

  Ma’lumki, xalqimiz orasida o‘qituvchi, ustoz hamisha donishmandlik, axloqiy poklik, halollik ramzi bo‘lib kelgan. Taassufki, ayrim tamagir, ta’limga tasodifan kirib qolgan, o‘z manfaatini xalq manfaatidan ustun qo‘yadigan kimsalar tufayli ta’lim muassasalari xalq nazarida ma’lum darajada obro‘sizlandi.

  Ilmni har doim hamma narsadan ustun qo‘yib kelgan, nopok ishlardan hazar qilgan, ma’naviyati va madaniyati yuksak bo‘lgan o‘zbek xalqi uchun korrupsiya mutlaqo yarashmaydigan illatdir.

  Ayniqsa, endigina hayot yo‘llarida qadam tashlayotgan, beg‘ubor qalbi, musaffo ko‘zlari-la o‘z kelajagiga ishonch bilan boqib turgan yosh yigit-qizlarni korrupsiya domiga tortish bu – eng mudhish jinoyat sanaladi.

  Shu bois, O‘zbekistonda taraqqiyotimizning yangi bosqichida bu illatga qarshi kurashning eng samarali usullarini mujassam etgan kompleks yondashuvga davlatimiz rahbari tomonidan asos solinganini alohida e’tirof etish zarur.

  Ayniqsa, 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi o‘zining tub mohiyati bilan aynan korrupsiyani tag-tomiri bilan yo‘q qilishga qaratilgan tarixiy hujjat bo‘ldi. 

  Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ta’lim sohasini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish g‘oyat dolzarb vazifa etib belgilandi.

  Farmonga ko‘ra, aynan oliy ta’lim sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish belgilab qo‘yilganida chuqur ma’no bor. Chunki, mamlakatda kechayotgan har qanday islohotning muvaffaqiyati birinchi navbatda ta’limga bog‘liq.

  Mamlakatimizda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ta’lim sifatini tubdan takomillashtirish, bilim maskanlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yoshlarni oliy ta’limga keng jalb qilish kabi ishlarda o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.

  Ammo, tan olishimiz kerak, guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, tizimda mas’ul xodimlar o‘rtasida korrupsiya bilan bog‘liq holatlar yo‘qolmagan.

  Bu o‘z navbatida, oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga juda katta mas’uliyat yuklaydi.

  Dunyodagi eng sharafli kasb egalari sanalgan aziz ustozlar, murabbiylar!

  Bugun islohotlar o‘zining hal qiluvchi eng yuqori bosqichiga ko‘tarilgan bir paytda  Muhtaram Prezidentimiz bizning ishlashimiz, yaxshi yashashimiz, dunyoga chiqishimiz uchun cheksiz shart-sharoitlarni yaratib bermoqda. Bir-biridan muhtasham qilib qurilayotgan zamonaviy ilm-fan dargohlari biz va bolalarimiz uchundir. Oliy ta’lim tizimiga juda katta e’tibor ko‘rsatilayotgan bir paytda yoshlarning vatanparvar, yurtga sadoqatli va har jihatdan barkamol bo‘lib voyaga yetishiga tahdid solayotgan korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashaylik!

  Biz, oliy ta’lim tizimi rahbarlari, ko‘p sonli professor-o‘qituvchilar va xodimlari bilan birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashib, farzandlarimizning kelajagi va Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida sidqidildan xizmat qilishga va’da beramiz.

  Muhtaram ota-onalar va qadrli yoshlar!

  Inson umrining yoshlik davri yeng muhim sinovli pallasi hisoblanadi. Bu davrda olingan bilim, o‘rganilgan kasb va qilingan mehnat keyinchalik butun umr davomida insonning hayot yo‘lini belgilab beradi.

  Shu bois mana shu muhim pallada barcha yoshlarimizga ilm cho‘qqilarini egallash va eng muhimi o‘zlari tanlagan hayot yo‘li, maqsad yo‘lida sobitqadam, ortga chekinmasdan faqat va faqat olg‘a intilishlariga ko‘makdosh bo‘laylik. Bu yo‘lda Siz, qabul jarayonlarida yoki o‘zingizning va farzandlaringizning ta’lim olishining barcha bosqichlarida turli nayrang va firibgarliklar qurboniga yoki  a’zosiga aylanib qolishdan ogoh bo‘ling!

 

 

O‘zMU Jizzax filiali direktori

O.Turakulov