Filial professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, magistrantlar, stajyor-tadqiqotchilar hamda talabalari uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan tashkillashtirilgan seminar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash hamda ularning salohiyatini yanada oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 11-fevraldagi PF-6168-son Farmonining mazmun-mohiyatini hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasining ochiq stipendiya tanlovlari bilan bog‘liq yangiliklarni Jamg‘arma dasturlari doirasida xorijda tahsil olishga talabgorlar orasida keng joriy etish maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan joylarda amaliy-uslubiy seminarlar tashkil etilmoqda.
Ushbu hududiy amaliy-uslubiy seminarlardan ko‘zlangan maqsad iqtidorli va istiqbolli, ayniqsa Respublikaning barcha hududlaridan yosh mutaxassislarni izlab topish va tanlashga qaratilgan faoliyatni tubdan takomillashtirish va yanada modernizatsiyalash, ularni “El-yurt umidi” jamg‘armasining (bakalavriat, magistratura va doktorantura) ta’lim dasturlari asosida xorijdagi nufuzli ta’lim va ilmiy muassasalarda ta’lim olishini tashkil etish, professional chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan yangi avlod kadrlarini shakllantirish va ularni davlat xizmatiga jalb etishdan iborat.
Seminar 2021-yil 24-mart kuni soat 15.00-17.00 da Jizzax viloyati hokimligi binosida o‘tkaziladi.
Mas’ul shaxslar: J.Axmedov Jamg‘arma direktori o‘rinbosari, M.Temirov Axborot-tahlil bo‘limi bosh mutaxassisi.
Qo‘shimcha ma’lumot: Xalqaro hamkorlik bo‘limi +998944266569