Yangiliklar
Yangiliklar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2020-yilning 6-noyabrdagi PF-6108-son Farmoni eʼlon qilingandan soʻng ushbu farmonda belgilangan vazifalar ijrosini toʻlaqonli taʼminlash Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining Jizzax filialida asosiy va maqsadli vazifalaridan etib belgilangan. Qolaversa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida maktab taʼlimini rivojlantirish borasida bildirilgan fikrlar va topshiriqlar, shuningdek, prezidentimiz tomonidan 2021-yilga “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nom berilganligi bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlarning nechogʻlik muhimligini koʻrsatadi.
Joriy yilning 23-yanvar kuni filial direktori professor O.Turakulov, taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi R.Abduraxmonov, “Psixologiya” fakulteti dekani p.f.n. N.Alimov va bir guruh professor-oʻqituvchilar filialga biriktirilgan Zafarobod tumanida joylashgan 12-umumtaʼlim maktabida boʻlishdi.
Dastlab maktabda tahsil olayotgan yuqori sinf oʻquvchilarining ota-onalari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda soʻzga chiqqan filial direktori professor O.Turakulov ota-onalarning farzand tarbiyasidagi masʼuliyati va vazifalari hususida toʻxtalib, xalqimizning ulugʻvor qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda. Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda davlatimiz rahbari kelajagimiz boʻlmish yoshlarga katta ishonch bilan qaramoqda. Bu ezgu ishlarni roʻyobga chiqarishda, barkamol avlodni tarbiyalashdek masʼuliyatli vazifalarni amalga oshirish orqali qoʻshajak hissamiz haqida oʻylab koʻrishga undaydi. Chunki bu tashabbuslarning amaliy roʻyobi har birimizga doxil hodisadir. Shunday ekan ertangi kunimiz egalari boʻlmish yoshlarimizning puxta bilim olishlari uchun yaratilayotgan keng koʻlamli sharoitlardan toʻlaqonli foydalanish va shu orqali barkamol avlodni voyaga yetkazish uchun barchamiz birdek javobgarmiz deya oʻz soʻzini yakunladi.
Shundan soʻng filial direktori O.Turakulov bitiruvchi sinf oʻquvchilari bilan davra suhbati olib bordi. Davra suhbatida har bir oʻquvchining xohish va istaklari tinglandi va oʻquvchilar tomonidan berilgan savollarga asosli javoblar berib oʻtildi. Boʻlib oʻtgan uchrashuvlarga yigʻilgan oʻquvchilar, ota-onalar va maktab maʼmuriyatining istak va xohishlaridan kelib chiqib, bitiruvchi sinf oʻquvchilarini oliy taʼlimga yoʻnaltirish maqsadida matematika va ingliz tili fanidan tayyorlov kurslarini maktabning oʻzida tashkil etib berishini aytdi va shu kunning oʻzida filialning “Oʻzbek tili va adabiyoti” kafedrasi ingliz tili oʻqituvchisi M.Joʻrayev ingliz tilidan hamda filialda stajyor-tadqiqotchi sifatida faoliyat yuritayotgan S.Mamanov matematika fanidan oʻquvchilarga dars oʻtishlari uchun biriktirildi. Maktabda faoliyat boshlagan tayyorlov kursining birinchi kunidanoq oʻndan ortiq oʻquvchilar zoʻr qiziqish bilan darslarga faol ishtirok etdi.
Kun davomida maktabning bitiruvchi sinf oʻquvchilarining qobiliyat va qiziqishlari, aqliy salohiyatlarini aniqlash, intiluvchan va iqtidorli oʻquvchilarni munosib ragʻbatlantirib borish maqsadida maktab oʻquvchilari oʻrtasida “Direktor stipendiyasi” joriy etildi. Shu munosabat bilan matematika, fizika, biologiya va ingliz tili fanlaridan tayyorlangan test savollarini belgilangan vaqt davomida ishlab chiqishdi. Olingan test natijalari tahlil qilinib, eng yuqori natijalarga erishgan oʻquvchilar “Direktor stipendiyasi” sovrindorlari boʻlishadi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbuslari doirasida filialning “Psixologiya” fakulteti qoshida faoliyat yuritayotgan “Zakovat” klubi faollari tomonidan maktab oʻquvchilari oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyinining saralash bosqichlari oʻtkazildi.
Unda jami 4 ta jamoa ishtirok etishdi. Qizgʻin bahs va munozaralarga sabab boʻlgan tanlovning yakuniy natijalariga koʻra 11"B"-sinf oʻquvchilaridan tarkib topgan “Donolar” jamoasi fahrli 1 oʻrinni qoʻlga kiritib tanlovning keyingi bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritishdi va filial maʼmuriyatining 1-darajali diplomi va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.
Normurod ALIMOV
OʻzMU Jizzax filiali “Psixologiya” fakulteti dekani