MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI JIZZAX FILIALI

Yangiliklar

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi adolatli dunyoning huquqiy poydevori



Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi adolatli dunyoning huquqiy poydevori

 

BMTning inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi tarixi 1946-yilda tashkil topgan paytda komissiya tarkibiga 18 ta davlat a’zo bo‘ldi. Deklaratsiyani tuzish harakati Inson huquqlari komissiyasi tashabbusiga ko‘ra, 1947-yilning 27-yanvar sanasidan boshlandi. Inson huquqlari komissiyasining raisi esa Eleanora Ruzvelt xonim edi. Komissiya tarkibida Avstraliya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Kuba, Misr, Hindiston, Eron, Liviya, Panama, Sovet Ittifoqi, AQSh, Urugvay, Filippin, Fransiya, Chili va Yugoslaviya kabi mamlakatlardan kelgan vakillar mavjud edi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hozirda 100 dan ortiq mamlakatlarda o‘z inson huquqlari qonunchiligini yaratishda asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu xalqaro huquq normasida “jamiyatning har bir a’zosi irqi, jinsi, kelib chiqishi, moliyaviy ahvolidan qat’iy nazar erkin tarzda tibbiyot, ilm-fan, madaniyat yutuqlaridan foydalanishi mumkinligi” belgilab berildi. Shuningdek, mazkur huquq normasida insonlarning e’tiqodi, siyosiy mansubligi va irqidan kelib chiqqan holda noqonuniy tarzda ta’qib qilinishi alohida ta’kidlanadi.

Deklaratsiya XX asrning eng muhim hujjatlaridan biri sifatida ahamiyati oshib bordi. U 350 dan ortiq tilgan tarjima qilingan. Deklaratsiya qabul qilinganiga 75 yil bo‘lganiga qaramasdan, bugungi kungacha u davlatlar, shaxslar va nodavlat tashkilotlarning  inson huquqlari sohasidagi faoliyatining asosi hisoblanadi.

Mazkur hujjat dunyoning deyarli barcha mamlakatlari tomonidan ratifikatsiya qilingan va boshqa hech qaysi xalqaro hujjat bunday sharafga da’vo qila olmaydi. Chunki unda sayyoramizda yashayotgan har bir insonning, u qaerda tug‘ilgani, yashayotgani, qaysi millatga mansubligi, qanday tilda so‘zlashishi, diniy e’tiqodidan qat’i nazar, bir xil huquq va erkinliklarga ega ekani belgilangan.

1948 yil 10 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi bugungi kunda ma’lum bo‘lgan inson huquqlari tushunchasining tub mohiyatini ochib berdi. Deklaratsiya turli siyosiy tizimlarga ega bo‘lgan davlatlarda inson huquqlarini bir xilda tushunish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib, inson huquqlari sohasida standartlashtirishga asos soldi.Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan keyin qo‘shilgan birinchi xalqaro-huquqiy hujjat bo‘ldi. Zero, demokratik, huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lini tanlagan O‘zbekiston inson huquqlari va manfaatlarini jamiyatni rivojlantirish va davlat qurilishining, butun ichki va tashqi siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi etib belgiladi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydigan milliy qonunchilik normalarida o‘z ifodasini topgan.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi O‘zbekistonda demokratiya va insonparvarlik tamoyillarini qaror toptirish yo‘lida katta ahamiyat kasb etdi. Endigina mustaqillikka erishgan O‘zbekiston o‘z Konstitutsiyasini, undagi inson huquq va erkinliklarini ta’minlovchi normalarni shakllantirishda Deklaratsiya dasturilamal vazifasini bajargan.

Ta’kidlash joizki, 1992 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb nomlangan ikkinchi bo‘limida Deklaratsiyaning deyarli barcha norma va qoidalari o‘z ifodasini topgan bo‘lsa, joriy yilning 30 aprelidagi referendum natijasida qabul qilingan Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Deklaratsiya bilan birga, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt normalari ham ancha keng o‘rin oldi.

Shu ma’noda, bugungi kunda O‘zbekiston Konstitutsiyasini Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro bill normalarini  o‘zida mujassamlashtirgan yetuk huquqity hujjat sifatida e’tirof etish mumkin.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya mamlakatimiz tarixida birinchi marta Deklarasyaining 1-moddasida mustahkamlangan inson huquqlarining tabiiy xususiyatini e’lon qildi. Konstitutsiyaning 19-moddasida inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘lishi belgilab qo‘yildi. 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi 15-moddasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismi ekanligi hamda milliy qonunchilikka nisbatan ustun ahamiyatga egaligi tan olingani, ayniqsa, diqqatga sazovordir.

Shu bilan birga, Konstitutsiyamizning 19-moddasida O‘zbekistonda insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan e’tirof etilishi va kafolatlanishining belgilanishi, Deklaratsiyaning inson huquqlari bo‘yicha umume’tirof etilgan norma sifatida mamlakatimizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi nazarda tutilgan.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda BMTning boshqa hujjatlari qatori Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida belgilangan normalarni hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

BMT Bosh kotibi Antonio Gutterish Xalqro inson huquqlari kuni munosabati bilan yo‘llagan murojaatida barcha davlatlarni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganliging 75 yilligi munosabati bilan inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faol harakatlarni amalga oshirishga, ushbu sohada yuzaga kelgan muammolarni hal qilishga chaqirdi.

Shu munosabat bilan joriy yilning 12 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” farmoni qabul qilindi. Farmon bilan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Ushbu Farmon nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mustahkamlangan huquq va erkinliklarning ta’minlanishi bo‘yicha davlat siyosatini izchil amalga oshirish va tizimlashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish va uni targ‘ib qilish, ushbu sohadagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga yordam beradi.

Muxtasar aytganda, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi axloqiy, huquqiy va siyosiy ahamiyatga ega bo‘lib, inson huquqlari konsepsiyasini doimiy ravishda kengaytirish va takomillashtirish uchun katta ahamiyatga ega hujjatdir. Binobarin, agar 75 yil ortga nazar solsak, 1948 yilda qabul qilingan Deklaratsiyaning sezilarli yutuqlarni qo‘lga kiritganiga guvoh bo‘lamiz.

Deklaratsiya orqali millionlab odamlarning kundalik hayoti yaxshilandi, so‘zlab bo‘lmaydigan azob-uqubatlarning oldi olindi va adolatli dunyoning poydevori qo‘yildi. Deklaratsiyaning vaqt sinovidan o‘tganligi, tenglik, adolat va inson qadr-qimmatining kafolatlovchi normalari uning umumbashariy tabiatidan dalolat beradi.

Shunday ekan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligi munosabati bilan barchamiz birlashishimiz va bor kuchimizni mamlakatimizda inson qadr-qimmati hamda erkinliklarini himoya qilishga, ushbu sohadagi muammolarni hal etishga, Deklaratsiyada belgilangan tamoyil va qadriyatlarni jamiyatimiz va davlatimiz hayotiga yanada keng joriy etishga safarbar etishimiz darkor. Shundagina mamlakatimizda «Inson qadri uchun» degan ezgu g‘oya ro‘yobga chiqib, O‘zbekistonimiz inson huquqlari to‘la qaror topgan davlatlar qatoridan joy olajak.