Yangiliklar
Yangiliklar
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk davrdayoq korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga umumdavlat miqyosidagi vazifa sifatida qaralib, uning oldini olish va davlat apparatini korrupsionerlardan tozalash bo‘yicha izchil va muntazam ishlar olib borilmoqda.
Ayniqsa O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonuni va davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida oliy ta’lim tizimini “Korrupsiyasiz soha”ga aylantirish borasida konseptual fikrlar o‘rtaga tashlangani bejiz emas.
Muhtaram prezidentimizning 2020 yil 25 yanvarda Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, “Halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak”. Deb ta’kidlagan edilar.
Shundan kelib chiqib, oliy ta’lim tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Shuningdek, qabul jarayoni, talabalar bilimini baholash, o‘qishni ko‘chirish va nostrifikasiya, OTMlarni takomillashtirish, o‘qituvchilar ijtimoiy himoyasi, byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish kabi yo‘nalishlarini qamrab olgan. Shu asosda ta’lim muassasalari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurash reytingini joriy qilish, axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini shakllantirish hamda ta’lim jarayoniga “Bulutli texnologiyalar” (elektron universitet)ni bosqichma-bosqich tatbiq etish, talabalar o‘rtasida korrupsiyaga oid holatlar yuzasidan onlayn so‘rovnomalar o‘tkazib borish masalalari bo‘yicha chora-tadbirlar dasturlari tasdiqlanib amaliyotga joriy etildi.
Joriy yil 18 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda oliy ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amaliy ishlar oqsayotganligi, tizimdagi ayrim rahbarlar bu illatdan qutula olmayotganligi yig‘ilishda tanqidiy muhokama etilib, so‘nggi ikki yilda tizimdagi 326 nafar xodim ta’lim jarayoni bilan bog‘liq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilganligi, ularning 220 nafari kollej va liseylarga, 106 nafari oliy o‘quv yurtlariga to‘g‘ri kelishi tanqid ostiga olindi. Shundan institut va universitetlarning jinoyat sodir etgan xodimlaridan 3 nafarini rektorlar, 5 nafarini prorektorlar, 15 nafarini dekan va dekan o‘rinbosarlari, 62 nafarini o‘qituvchilar tashkil etganligi achinarli hol albatta.
Bundan tashqari 2018 yilda “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik Markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etganlarning 29 foizi oliy ta’lim tizimida korrupsiya keng tarqalgan degan fikrni bildirgan bo‘lsa, 2019 yilda bu salbiy ko‘rsatkich 35 foizni tashkil etganligi barchamizga birdek mas’uliyat yuklaydi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib filialimizda ham “Korrupsiyasiz soha” tamoyili asosida muayyan ishlar amalga oshirilib, filaialda sodir etilishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaga oid jinoyatlarning oldini olish maqsadida professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida soha mutaxassislarini jalb etgan holda turkum uchrashuvlar davra suhbatlari va anonim so‘rovnomalar doimiy ravishda o‘tkazilib kelinmoqda. Bir so‘z bilan aytganda “Korrupsiyasiz soha” tamoyilini to‘laqonli amalga oshirishimiz uchun zarur bo‘ladigan barcha amaliy chora-tadbirlar isloh qilinib borilmoqda. Jumladan filialda o‘tkazilgan barcha yakuniy nazorat turlari kameralashtirilgan xonalarda va filial raxbariyati tomonidan tuzilgan nazorat komissiyasi kuzatuvida olib borilib, nazorat jarayonining adolatli va shaffof tarzda o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida talabalarning fanlar kesimidagi javoblar varaqasiga maxsus “QR-code” joylashtirildi. Bu esa kelib chiqishi mumkin bo‘lgan turli ko‘rinishdagi ta’magirlik holatlarining oldini olishiga hizmat qildi. Bugungi kunda filialda “Korrupsiyasiz soha” tamoyili asosida ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda.
Shu o‘rinda Janubiy Afrika Respublikasi Stellenboss universiteti peshtoqiga yozib qo‘yilgan quyidagi iborani iqtibos sifatida keltirib o‘tishni joiz deb topdik.
“Har qanday millatni yo‘q qilish uchun atom bombasi yoki uzoq masofali raketa shart emas. Buning uchun ta’lim sifatini tushirib, imtihonlarga aldov aralashtirishning o‘zi kifoyadir. Bu tarzda ta’lim olgan shifokorlar qo‘lidan bemorlar o‘lim topadi, quruvchilar qurgan uy va binolar vayron bo‘ladi, iqtisodchi va hisobchilar qo‘lida moliyaviy resurslar sovuriladi, adolat ham shunday huquqshunos va sudyalar qo‘lida zavol topadi.
Ta’limning inqirozi – bu millat inqirozidir”.